|
2017 yil, iyun
O‘ZBEKISTONDA NANOTEXNOLOGIYALARNI
RIVOJLANTIRISH VA NANOSANOATNI YARATISHNI
Sh. M. Sharipov
("ProventaTech" MChJ)
Joriy yilning fevral oyida “2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha
Harakatlar strategiyasi”ning qabul qilinishi davlatimizning barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar
samaradorligini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur strategiyada hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalar belgilab
berilgan.
Ushbu vazifalardan biri — tubdan yangi turdagi mahsulotlar
va texnologiyalar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish,
shu asosda mahalliy tovarlarning tashqi va ichki bozorlarda raqobatbardoshligini ta’minlashdan
iborat. Ushbu masalarning yechimi milliy iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishi, ya’ni yuqori texnologiyalarga asoslangan va ilm-fan
talab qiladigan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sanoat tarmoqlarini rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq. Zamonaviy yuqori
texnologiyalar orasida nanotexnologiyalar alohida o‘rin tutadi. Ularning rivojlanishi iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga va
hayotning boshqa tomonlariga ta’sir ko‘rsatib, mamlakatlarning texnologik rivojlanish darajasi bo‘icha
yangicha taqsimlanishiga olib keladi.
Aslida, nanotexnologiyalarning rivojlanishi jamiyatning yangi texnologik tuzilishga o‘tishiga olib keladi, uning bazaviy texnologiyalari
esa
nanotexnologiyalar bo‘ladi (batafsilroq).
Nanotexnologiyalarni o‘z vaqtida rivojlantirmagan davlatlar ertaga tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘la olmaydi.
Ichki bozorda esa mahalliy ishlab
chiqaruvchilarning mahsulotlari import mahsulotlar bilan raqobatlasha olmaydi.
Shu sababdan, o‘z nanosanoatini yaratish mamlakatimiz uchun
strategik muhim vazifadir.
Butun dunyoda nanotexnologiyalarning rivojlanishi davlat tomonidan
qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Uzoq muddatli davlat dasturlari qabul qilinib, ularni amalga oshirish uchun katta
miqdorda mablag‘ ajratilmoqda. Buni nafaqat
texnologik rivojlangan mamlakatlar, balki ilmiy potensiali sezilarli darajada past bo‘lgan mamlakatlar
qilmoqda.
Nanotexnologiyalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va ularni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini shakllantirishda
eng muhimi — mamlakatimizda nanotexnologiyalarni rivojlantirish strategiyasi va ushbu strategiyani amalga
oshirishning ishlab chiqilgan mexanizmlari mavjudligidir. Nanotexnologiyalarni mamlakat ilmiy-texnik rivojlanishining
ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb e’lon qilish mumkin, biroq shu bilan birga ilmiy tadqiqotlar va ta’lim tashkilotini tubdan
o‘zgartirmasdan, O‘zbekiston iqtisodiyotining real sektorlari uchun ahamiyatli bo‘lgan ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga
yo‘naltirmasdan, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni mahsulotlar va texnologik jarayonlarni loyihalash, mahsulotlar ishlab chiqarishi
o‘zlashtirish va mahsulotlarni bozorga olib chiqish bilan yagona jarayonga birlashtirmasdan, mamlakatimizning
ilmiy-texnik rivojlanishiga real ta'sir ko‘rsatadigan natijalar olinmaydi.
|